Bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida iste'molchilar ijtimoiy harakati tashkilotlari faoliyat olib boradi. Shulardan biri mamlakatimiz hududida faoliyat olib borayotgan O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bo‘lib, uning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri iste'molchilar murojaatlari bilan ishlagan holda, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishdan iboratdir.
Shu nuqtai nazardan, Federatsiyaning Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasida iste'molchilar murojaatlari bilan ishlash yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar haqida qisqacha ma'lumotlar berishi uchun hududiy birlashma mutaxassisi Shahlo Kasimova bilan suhbatlashdik.
O‘tgan 2025 yilda tizim tashkilotlari tomonidan iste'molchilarning murojaatlari bilan ishlash va ularni samarali hal qilish yuzasidan olib borilgan ishlar bo‘yicha qisqacha ma'lumot berib o‘tsangiz.
O‘tgan 2025 yil davomida xududiy birlashma xamda tuman shahar jamiyatlariga jami 913 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularning 423 tasi yozma, 490 tasi esa og‘zaki shakllarda qayd qilib olingan edi. Murojaatlarni o‘rganilishi natijalari bilan esa 1 mlrd 868 mln 467 ming 239 so‘m mablag‘larni iste'molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishiga erishilgan. Shundan sudlarga kiritilgan 23 ta da'vo arizalari bo‘yicha iste'molchilar foydasiga 433 mln 804 ming 379 so‘m moddiy va ma'naviy zararlar undirilgan.
Joriy yilning o‘tgan davrida bu borada qanday natijalarga erishilmoqda?
Mana joriy yilning 2 oyi ham o‘tib bormoqda. Tezkor ma'luomtlarga tayanadigan bo‘lsak: Tizim tashkilotlarimizga o‘tgan qisqa davr ichida 121 ta murojaatlar kelib tushda. Shularning 87 tasi yozma shaklda qabul qilib olingan bo‘lsa, 34 tasi og‘zaki shaklda qayd qilib olingan. Ularni o‘rganib chiqilishi natijalari bilan 76 mln 685 ming 156 so‘m mablag‘lar iste'molchilar foydasiga qayta hisob kitob qilinishiga erishildi. Sudlarga 17 ta da'vo arizalari kiritilib, hozirda bu ishlar sudlarda ko‘rib chiqilishi jarayonida turibdi.
Murojaatlarni nafaqat sohalar, balki murojaat qiluvchilarning ijtimoiy holati bo‘yicha ham tahlil qilib boriladimi?
Bizda bu borada qaydnoma jurnali yuritilib, unda nafaqat iste'molchining familiya ismi, yashashmanzili, murojaatining qisqacha mazmuni kabi shaxsiy ma'lumotlari, balki uning ijtimoiy holati, kasbi haqidagi ma'lumotlarni yuritib boramiz. Sababi Federatsiyamizning viloyatimizdagi ko‘plab korxona, tashkilot, idora va muassasalarda tayanch guruhlari tashkillanib, ularga Federatsiya a'zolari biriktiriladi. Mazkur hisobdorlik esa qaysi soha vakillaridan murojaatlar kelib tushmoqda, qaysi soha xodimlaridan kam kabi tahlillarni olib borishimizga imkon beradi. Qaysi sohada ishlovchi xodimlardan murojaatlar kam yoki umuman bo‘lmasa demak bizning joylardagi xodimlarimiz hamda o‘sha tashkilotdagi tayanch guruhi faoliyati qoniqarli darajada bo‘lmayotganligini, ushbu sohada ishlovchi xodimlarning Federatsiya xizmatlari yuzasidan xabardorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligini ko‘rsatadi. Ko‘rsatkichlarga to‘xtalsak, o‘tgan 2 oy tezkor ma'lumotlariga ko‘ra, kelib tushgan murojaatlarning 13 tasi ta'lim sohasi, 4 tasi tibbiyot sohasi, 13 tasi boshqa davlat tashkilotlarida, 6 tasi xalq xo‘jaligining turli sohalarida ishlovchi ishchi xizmatchilar, 4 tasi o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar, 6 tasi pensioner va nafaqaxo‘rlar, 75 tasi esa uy bekalari hamda vaqtincha ishsiz fuqarolardan kelib tushganligini ko‘rish mumkin.