• O‘zbekiston Respublikasi Farg`ona viloyati Farg‘ona shahri B.Marg‘inoniy ko‘chasi 77-uy

Yangiliklar

2025-09-15

GAZ HISOBLAGICHINGIZ ESKI EKAN DEGAN VAJ BILAN TARMOQDAN UZIB QO‘YILISHI HOLATI BARTARAF QILINDI

Ko‘pchilik tabiiy gaz iste'molchilaridan gaz hisoblagich uskunasi kimning hisobidan o‘rnatiladi, degan mamzundagi savollar kelib turadi. Bu kabi savollarga esa, Vazirlar Mahkamasining 31.05.2024 yildagi 319-sonli  qarori bilan tasdiqlangan "Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari"dan javob topish mumkin. 

Qoidalarning 75-bandida "iste'molchilarga masofadan turib o‘chirib-yoqish klapaniga hamda TGNHAT (tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi)ga ulanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan hisoblagichlarsiz tabiiy gazni iste'molchilarga yetkazib berishga yo‘l qo‘yilmaydi", degan norma kiritilgan bo‘lib, uning ijrosini ta'minlash maqsadida mamlakatimizda TGNHATni joriy qilish loyihasi doirasida zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatildi va o‘rnatilmoqda. Mazkur loyiha doirasida o‘rnatilgan zamonaviy hisoblagichlar esa gaz ta'minoti tashkilotining mulki hisoblanadi (82-band) va mazkur hisoblagichlarni almashtirish, ta'mirlash, xizmat ko‘rsatish, qiyoslovdan o‘tkazish va sozligini monitoring qilish uchun yechib olinishi tegishli sarf-xarajatlar hisoblagichning mulkdori (gaz ta'minoti tashkiloti - izox bizniki) hisobidan qoplangan holda hamda gaz ta'minoti (gaz uzatish) tashkilotining vakillari tomonidan iste'molchi ishtirokida amalga oshiriladi (84-band).

Yangi gazlashtirilayotgan xonadonlarga esa, TGNHATga ulanish va avtomatik o‘chirib-yoqish klapaniga ega bo‘lgan hisoblagichlar (tegishli davlat dasturlari asosida o‘rnatiladigan hisoblagichlar bundan mustasno) iste'molchining o‘z hisobidan sotib olinishi va gaz ta'minoti tashkiloti tomonidan o‘rnatilib, plombalanishi lozim.

Yuqoridagi ikki toifaga kiritilmagan iste'molchilarning gaz hisoblagichlarichi? Qoidalarning 83-bandiga ko‘ra, mavjud hisoblagichlarning zamonaviy hisoblagichlarga almashtirilishiga qadar davriy qiyoslovdan o‘z vaqtida o‘tkazishni tashkil etish uchun javobgarlik gaz ta'minoti tashkiloti zimmasiga yuklanadi. Demak, ular yaroqli va ishchi holatda bo‘lsa, ulardan foydalanib turishga ruxsat etilgan. Lekin Uchko‘prik tumanidagi ko‘p qavatli uyda yashovchi Sh.Yu.ning xonadoni va unga qo‘shib ko‘p qavatli uyning u yashaydigan yo‘lagidagi boshqa qo‘shnilar ham, negadir, gaz hisoblagichingiz eski ekan, degan vaj bilan tarmoqdan uzib qo‘yilgan. Shundan so‘ng iste'molchi mazkur masalada Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qoldirgan. 

Tuman jamiyati tomonidan ushbu holat yuzasidan gaz ta'minoti tashkilotiga so‘rov xati kiritilib, o‘rganish ishlari davom ettirildi. O‘rganish doirasida iste'molchi gaz hisoblagich uskunasining yaroqli holatda ekanligi qayd qilinib, iste'molchilarni tarmoqqa qaytadan ulab berildi.

Sardor Mirzajonov,
jamiyat raisi.